thinking

Dasturlashni o’rganmang. O’ylashni o’rganing.

Hamma dasturlashni o’rganishga harakat qilayotganga o’xshaydi: Code.org’da Bill Geyts (Bill Gates), Mark Zukerberg va Kris Bosh (Chris Bosh) kabi taniqli shaxslar har kim dasturlay olishini aytishmoqda; CoderDojo’lar dunyo bo’ylab o’sib bormoqda; Buyuk Britaniya informatikani boshlang’ich sinf o’quvchilari uchun o’quv rejasiga kiritdi.

Menimcha, bunday yondashuv biroz xato. Meni noto’g’ri tushunmang – men agar hamma dasturlashdan habardor bo’lganda dunyo yaxshiroq bo’lgan bo’lardi deb o’ylayman – biroq dasturlashning o’zi asosiy maqsad bo’lmasligi kerak. Komputerlar va dasturlash qurollar holos. Ular maqsadga yetishish uchun vositalar hisoblanadi.

 

Asosiy maqsad insonlarni yangicha fikrlashga o’rgatish bo’lishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, biz informatikani (computer science) o’qitishimiz kerak, dasturlashni o’zinigina emas. Bu maqolada ikkalasi o’rtasidagi farqni, hamda nima uchun to’g’ri narsaga e’tibor qaratish muvaffaqqiyat tomon olg’a borishda muhimligini ochib beraman.

Agar video orqali tushuntirishni afzal ko’rsangiz, bu maqolani yozishga ilhomlantirgan Simon Peyton Jones’ning Ijodiy Informatikani O’qitish (Teaching Creative Computer Science) deb nomlangan ajoyib TED suhbatini tavsiya qilaman (uni mover.uz da ham ko’rishingiz mumkin, faqat, suhbat inglizcha, hali o’zbekcha subtitrlari qo’shilmagan): http://mover.uz/watch/fXwH968/

Hozircha yozilgan variantini o’qish uchun shu yerdamisiz? Zo’r. Keling, asosiy savoldan boshlasak: umuman nima uchun dasturlash va informatika haqida o’ylashingiz kerak?

Bu savolga javob berish uchun biroz aylanib chiqamiz.

 

Haqiqiy dunyoga xush kelibsiz

Siz bu maqolani novtbuk yoki desktop (stol kompyuteri)da Windows yoki boshqa X operatsion sistemada (OS) ishlaydigan Chrome yoki Firefox’da o’qiyotgan bo’lsangiz kerak. Taxminimcha siz bugun email’ni o’qishga, o’rtoqlaringizning Facebook’dagi statuslarini tekshirishga yoki Youtube’da video ko’rishga biroz vaqt sarflagansiz. Hozirgi kunda hayotingizning ko’pgina qismi komputerlarda: sizning tibbiy ko’rik natijalaringiz ma’lumotlar bazasida; rezume’ngiz LinkedIn’da; mahsulotlaringizni namoyish qilish uchun Google yoki Facebook’dan foydalanasiz; sotib olish uchun (misol uchun, bizda torg.uz) Amazon’dan foydalanasiz; soliqlaringizni onlayn to’laysiz; vebsaytda bank (hisob) akkauntingizni boshqarasiz;  balki raqamli valyutalar bilan ham shug’ullanarsiz.

 

Endi kompyuteringizdan tashqariga qarang: cho’ntagingizda, karmoningizda yoki yoningizda stol ustida smartfon bo’lishi mumkin. Unda GPS, kamera, sezgir ekran va ko’plab ilovalar mavjud. Agar uyingizda bo’lsangiz sizda raqamli kabelga ulangan LCD televizor, video kamera, DVD player, Apple televizor, Xbox yoki Pleystayshin bo’lishi mumkin. Bu qurilmalarda qo’yadigan kino, musiqa va o’yinlar kompyuter grafikasi va raqamli ishlangan ovozga to’la.

 

Keling tashqariga chiqaylik. Mashinangiz oldidan o’ttingizmi? Zamonaviy avtomobillar dasturiy ta’minot yordamida ishlab chiqarilgan, zavodda kompyuterlashtirilgan jihozlar va robotlar tomonidan yig’ilgan. Mashinangizni haydaydigan bo’lsangiz, siz manzilga boradigan yo’lni topish uchun Google Maps, ovqatlanishga joy topish uchun Yelp yoki yashashga joy topish uchun TripAdvisor’dan foydalanishingiz mumkin. Endi, tepaga qarang: qayerdadir sizning tepangizda avto pilot tomonidan boshqarilgan, uchish vaqtida WiFi va ko’ngil ochar tizimlari mavjud, hamda doimiy tarzda boshqa samolyotlar, trafikni boshqaruvchilar va uni ishlab chiqaruvchi bilan aloqada bo’lib turadigan samolyot o’tadi. Qayerdadir undan ham tepada, sun’iy yo’ldoshlar va fazo stansiyalari Yer atrofida aylanib yuripti, suratga olmoqda, ob-havoni kuzatmoqda hamda telefon qo’ng’iroqlarini ta’minlamoqda.

 

Dasturiy ta’minot dunyoni yeb bormoqda. Biroq, bu hali boshlanishi. Uni bilishdan oldin, siz texnologiyani kiyib, eshiklarni kompyuterlar bilan berkitib, narsalarni yetkazib berish va uylarni tozalashda robotlardan foydalanib, o’zingizning elektronik jihozlaringizni yasab, ishlab chiqarish zavodlaringizni yurgizib, virtual reallikda yashab, o’z-o’zini boshqaradigan mashinalarda sayohat qilib hamda fazoga uchib yurgan bo’lasiz.

 

Hamma yerda matritsa

Hozirgina aytib o’tilgan texnologiyalarning barchasi dasturiy ta’minotda ishlaydi. Hayotning har bir jabhasida kodlar sizning atrofingizda. Kelajakda kodlarning hajmi faqatgina o’sib boradi. Endi, texnologiyaning hamma joyda bo’lishi kod yozishni maktabda o’rganish kerak degani emas. Misol uchun, biz hammamiz samolyotda uchamiz, biroq uchuvchilik guvohnomasini olish 12 yillik ta’limning rejasiga kirmaydi.

Balki, uchish haqida tushunchaga ega bo’lishda kerak bo’ladigan instrumentlar o’quv rejasining tarkibiy qismi hisoblanadi:

  1. Fizika va matematika sizga gravitatsiya, kuchlar, bosim, tezlik, ishqalanish va ko’tarilishni tushunishga yordam beradi.

  2. Biologiya o’ta balandlikda, cheklangan kislorod va qattiq sovuqda inson tanasida nimalar ro’y berishini o’qitadi.

  3. Tarix samolyot qanday ishlab chiqilgani, qanday rivojlantirilgani va uning sayohat, savdo va urushdagi o’rnini tushuntiradi.

 

Siz maktabni bitirganda samolyot nima, u qanday ishlaydi va undan qay tarzda xavfsiz foydalanish mumkinligi haqida tushunchaga ega bo’lasiz. Fizika, matematika, biologiya va tarix kabi umumiy fanlar sizga ma’lum bir samolyot turida qanday uchish kabi bir instrumentni o’ragatadigan kursdan farqli o’laroq juda keng mavzular haqida fikr yuritishga o’rgatadi, jumladan samolyot haqida ham.

Shu sababli, biz kod yozishning o’ziga emas informatikani o’qitishga e’tibor qaratishimiz kerak: avvalgisi maxsus bir instrument bo’lsa, keyingisi universal fikrlash uslubi hisoblanadi. Farqli jihatlari haqida yaxshiroq tasavvurga ega bo’lish uchun, keling, informatika bilan yaqindan tanishib chiqamiz.

 

Davomi bor.

Manba: brikis98.blogspot.com

 

(1,123 marta o'qilgan, bugun 1 marta o'qildi)

O'xshash maqolalar: