steve

Stiv Jobs

Steve Jobs

Bugungi kunda Stiv Jobs (Steve Jobs)ning nomi kompyuter sanoatida asosiy nomlardan biri, bu sanoatning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan odam sifatida tilga olinadi. O‘tgan asrning 70-yillarida u o‘zining do‘sti Stiv Voziyak bilan “Apple” kompaniyasiga asos solgan edi, hozir o‘zi shu kompaniyaning rahbari. U o‘zini hozirgi zamon shaxsiy kompyuterlarning otalaridan biri deb hisoblasa bo‘ladi, negaki, mana shu insonning xizmatlari tufayli kompyuter deb atalagan matoh qimmatbaho muhandislik jihozidan iste’mol tovariga aylandi.

Bundan tashqari, u boshqaruv sohasida mo‘jizaday bo‘lib ko‘ringan uslub yaratgan menedjer hamdir, bunga 90-yillardan boshlab butun tadbirkorlik olami guvoh bo‘lib kelayotir. Sinib-sinib, inqiroz yoqasiga kelib qolgan kompaniya jarga ana qulayman-mana qulayman deb turgan bir pallada mana shu insonning aql-tafakkuri sabab qayta tiklandi, o‘z sohasining yetakchi kompaniyasiga aylandi. Iste’mol nuqtai nazaridan qaraganda, “Apple” kompaniyasi deganda “Macintosh” kompyuterlarini, “iPod” pleyerlarini, yaqinda safga qo‘shilgan ‘iPhone” mahsulotlarini tushunadi odamlar. Kompaniyaning yillik savdo hajmi 20 mlrd $ ni tashkil etadi, “Apple” ning aksiyalari esa 2009 yilda ikki baravar qimmatlashdi.1997 yilda (Jobs “Apple” kompaniyasiga qaytib kelgan yil) bu kompaniya hozir egallab turgan o‘rniga chiqib oladi degan gap hech kimning yetti uxlaganda tushiga ham kirgan emasdi. Eh-he, o‘shanda “Apple” “Microsoft”ga ham, IBMga ham shaxsiy kompyuterlar sotish bo‘yicha bozorlarni boy berib qo‘ygan edi. Ajabo, dunyoga shaxsiy (personal) kompyuterday ajoyib matoh tuhfa qilib kelgan “Apple”day navqiron kompaniya ham kelib-kelib inqiroz yoqasida, qulamaslik uchun joy qidirib qolishi mumkinligi… hammani hayratga solardi. Ha, xuddi shunday bo‘ldi — “Apple” sinish darajasiga kelib qoldi, pullarini yo‘qotdi, iste’dodli mutaxassislarini yo‘qotdi, obro‘si tushib ketdi. Bular bundan 10-12 yillar muqaddam bo‘lib o‘tgan gap. Endi esa Macintosh asta-sekin kompyuterlar bozoridan joy egallayapti, uning dasturiy Windows platformali kompyuterlari ham sekin-asta o‘z xaridorlarini topyapti. Navbatdagi hikoyamiz mana shu odam haqida. “Apple”ning olmasini jahon uzra baland ko‘targan Stiv Jobs San-Fransisko shahrida 1955 yil 24 fevralda tug‘ildi. Chaqaloqning tug‘ilgani hammani quvontirdi, deyish qiyin, gap shundaki, go‘dak tug‘ilganda uning yosh ota-onasi hali nikohdan o‘tmagan edi. Stivning onasi — aspirant qiz Joanna Karol Shibl chaqaloqni bir haftadan so‘ng, asrandi farzand qilib boshqa birovga berib yuboradi. Go‘dakning otasi suriyalik Abdulfattoh Jandaliy ham aspiranturada o‘qirdi. Joanna o‘g‘lidan kechgani bilan uni o‘qigan oliy ma’lumotli odamlardan iborat bo’lgan oila asrab olishini, Stiv ham kollejlarda o‘qib ilm olishini juda xohlardi. Stiven o‘zining tug‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘sha g‘alati voqealarni shunday eslaydi: “Meni tuqqan onam go‘dagini boqib oladiganlar o‘qigan odamlar bo‘lishini istagan va shu shart bilan meni o‘g‘illikka berishga rozi bo‘lgan. Asrab olishga rozi bo‘lgan odamlar — eri yurist ekanini bilgach, farzandini berishga ahd qilgan. Men dunyoga kelishimga bir daqiqa qolganda yurist va uning rafiqasi mening qiz bo‘lib tug‘ilishimni istashgan, shuni kutishgan ekan, binobarin, ular qiz chaqaloqdan umidvor bo‘lib, mendan voz kechishadi. Farzand asrab olishni xohlovchilar ro‘yxatida mening ota-onam ham navbatda turgan ekan, yarim tunda ularga tug‘ruqxonadan telefon qilishadi-da: “Mana, o‘g‘il bola tug‘ildi, farzand qilib olasizlarmi?” deb so‘rashadi. Bular rozi bo‘ladilar. Tuqqan onam aniqlab bilsa, bu oiladagi ayol umuman kollejda o‘qimagan, otam esa maktabdayoq o‘qishni tashlab, kun ko‘rish uchun ishlashga majbur bo‘lib qolgan yigit ekan. Tuqqan onam avvaliga mening bu oilaga o‘tib ketishimga qarshilik ko‘rsatgan, bu haqdagi hujjatlarni imzolamagan. Men yangi oilaga o‘tib, bir necha oylar yashaganimdan so‘nggina ota-onam meni kollejda o‘qitishga rozi bo‘lgach, tuqqan onam hujjatlarni imzolab bergan”. Shunday qilib, farzandni asrab olgan ota-ona — kaliforniyalik (Mauntin-Vyu shahridan) Pol Jobs va Klara Jobslar bo‘lib chiqdi. Klara allaqanday firmada buxgalter bo‘lib ishlar, Pol Jobs esa lazer uskunalarini o‘rnatib beradigan kompaniyada mexanik edi. Ular oilaning yangi a’zosiga Stiven Pol deb ism berdilar. Stivning aytishicha, otasi texnikani yaxshi tushunadigan, quli gul odam bulgan. U eski, shalag‘i chiqqan mashinalarni 50 $ ga sotib olib, ta’mirlab, yaraqlatib, talabalarga sotgan. “Ota-onam shunday yo‘llar bilan mening kollejda o‘qishim uchun mablag‘ yig‘ishardi”, deb eslaydi Stiv. Yosh Stiv ayniqsa, otasi bilan juda yaxshi munosabatda edi. Stiv Jobsdan: “Bolalaringizga qanday tilaklaringiz bor?” deb so‘raganlarida, u: “Menga otam qanday yaxshi otalik qilgan bo‘lsa, men ham farzandlarimga shunday otalik qila olishimni Yaratgandan har kuni so‘rayman. Farzandlarim mana shunday yaxshiliklar qadrini biladigan odamlar bo‘lib o‘ssinlar”, degan edi. Stiv Jobs haqiqiy ota-onalari kim ekanligini bilganidan keyin ham Pol va Klara Jobsni o‘zining ota-onasi deb tan oldi, ularni hurmat-izzat qildi, boshiga ko‘tardi. U o‘zining asrandi farzand ekanini tan olmaydi, “Mening haqiqiy ota-onam mana shular”, deydi.Ammo o‘smirlik paytida Stiv o‘zining asrab olingan farzand ekanligini bilgach, haqiqiy ota-onasi kimlar bo‘lganligiga rostdan qiziqqan, ularni izlab topishga, ular haqida ma’lumot yig‘ishga kirishgan edi. Oradan ko‘p yillar o‘tib, 27 yoshga chiqqanidagina u o‘zining haqiqiy ota-onasini izlab topadi. Joanna Shibl va Abdulfattoh Jandalilar keyinchalik oila qurishgan, Stivdan so‘ng ularning qizi tug‘ilgan, bu qiz endilikda mashhur adiba bo‘lib, u Nyu-York yashaydigan Mona Simison bo‘lib chiqdi.Stiv ham, Mona ham garchi matbuotda o‘zlarining aka-singil ekanliklarini ochiq-oydin aytmagan bo‘lsalar ham, ular o‘zaro juda inoq, bordi-keldilari muntazam. “Men akam bilan juda qalin do‘stman, – deydi Mona, – u bilan farxlanaman”. Stiv ham singlisini yaxshi ko‘radi. “Bizlar bir oilada o‘sganday yaqinmiz, singlimni eng yaqin do‘st singari ko‘raman. Vaqti-vaqtida qo‘ng‘iroq qilib, u bilan valaqlashib turaman”.Stiv 12 yasharlik paytida (1967 yil), bolaligi tutib ketdimi yoki o‘zining bilimdonligini ko‘rsatgisi keldimi, o‘sha paytdagi “Hewlett-Raskard” kompaniyasining Prezidenti Uilyam Xyulettning naq o‘ziga (uyiga!) telefon qilib, u kompaniya ishlab chiqarayotgan elektron uskunani o‘rnatmoqchi bo‘lganini, ba’zi bir detallari yetishmayotganini aytadi. Xyulett Stiv bilan 20 daqiqacha gaplashib, yoshgina bolakayning shuncha narsani bilgani, hatto o‘zining telefonini ham topib olganiga hayron bo‘lib qoladi, bolaga yetishmayotgan qismlarni albatta yuborajagini bildiradi va uni yozgi ta’tilda o‘zining korxonasiga kelib ishlashga taklif qiladi. “Hewlett-Raskard” obro‘li korxona edi, axborot texnologiyalari bilan qiziqadigan ko‘plab o‘zbilarmonlar ma’lum bir muddatga bo‘lsa-da, kelib, shu korxonada ishlab, bilimini oshirib ketishardi. Kim biladi deysiz, agar Stiv ham o‘sha taklifga ko‘ra bu yerga kelib, ishlab qolaverganida, “Hewlett-Raskard”ni kelajakda nelar kutib turgan bo‘lar edi?!Stiv mana shu firmada ishlab-tanishib yurgan kunlari birida Stiven Voziyak degan mutaxassis bilan tanishib qoladi. Voziyak Kaliforniyadagi Berkli universitetini tashlab, mana shu yerda ishlashga qiziqib qolgan edi. Uning aytishicha, universitetda o‘qishning hech ham qizig‘i yo‘q emish, undan ko‘ra mana shu yerda radiotexnikalar orasida… yurgani yaxshi emish. 1972 yil Stiv Jobs maktabni tamomlab, Oregon shtatidagi Portlend shaharchasidagi Rid kollejida o‘qib yurdi, ammo birinchi semestrdan keyinroq haydalib ketdi, negaki kollejda o‘qishning unga hech qizigi yo‘q edi.. Krishnaviylar guruhiga qo‘shilib, shu dinning aqidalarini o‘rganib yurdi, kalligrafiya san’atiga qiziqib, shu sohani o‘rganish uchun to‘garak mashg‘ulotlariga qatnashib yurdi, xullas, o‘ziga sevimli bo‘lgan, hayotini bag‘ishlasa arziydigan mashg‘ulot topgunicha u ko‘ngliga kelgan ishini qildi. Shu tariqa, kollejdan haydalganidan buyon ham bir yarim yil shu zaylda o‘tdi. Yurib-yurib, nihoyat 1974 yilning kuzida u yana Kaliforniyaga qaytib keldi. Shu yerda u o‘zining eski do‘sti Stiven Voznyak bilan ko‘rishib qoladi. Do‘stining maslahati bilan Stiv Jobs “Atari” firmasiga texnik bo‘lib ishga joylashadi. Firma ommaviy tarzda video o‘yinlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanardi. Bu Stiv Jobsga ayni muddao bo‘ldi, negaki bu paytda u Hindistonga sayohat qilish uchun pul ishlab olish ilinjida yurgan edi.O‘sha yillari Stiv ko‘pchilik yoshlar singari 3 narsaga qiziqardi deb ayta olamiz, bular — Hindiston mavzusi, xippilar submadaniyati va elektronika. Shu orada so‘nggi qiziqish ancha kuchayib, u do‘sti S. Voziyak bilan Palo-Altodagi kompyuter va elektronika bilan qiziqadigan yoshlarni o‘z qanoti ostida birlashtirib turgan Xoumbryu kompyuter klubiga borib turardi.Bu klub “Apple”ning bulajak xujayinlari hayotida ham hal qiluvchi o‘rin tutdi, avvalo, ikki dust AT&T nomi bilan mashhur bulgan telefon firmasiga ilakishib, “hamkorlik”ni boshlab yuboradi. Stiven Jobs matbuotda AT&T telefon tarmog‘i orqali yashirin (maxfiy) holatda uzoq masofalardagi telefonlarga bog‘lanish mumkinligini o‘qigan edi, ular shunday maxfiy aloqalarni o‘rnatish mumkinligini sinovdan o‘tkazadilar. Shu yerda mazkur kashfiyotni namoyish qilib, ommalashtirib yurgan Jon Dreyper degan mutaxassis bilan tanishadilar, keyinroq esa o‘zlari yasagan uzoqni bog‘lovchi “havorang quticha” (maxsus qurilgan uskunalar) yordamida ko‘pdan-kup ana shunday “amaliyot”larni bajaradilar. So‘ng Voznyak bilan Jobs o‘zlarining garajida ushbu qurilmani takomillashtirish yuzasidan tadqiqot olib bordilar.Lekin bu ishni uzoq davom ettirishga vaqt yo‘q edi — Jobs Hindiston bo‘ylab sayohatga shoshar, u buni ko‘p yillardan buyon rejalashtirib, tayyorgarlik ko‘rib yurgandi. Mana shunday kunlarning birida, u ikkinchi Stivning — Voznyakning uyida shaxsiy foydalanishga mo‘ljallab yaratilgan uy kompyuterini ko‘rib qoladi. Shu yerning o‘zida barcha reja va maqsadlarni unutib, dunyoni o‘zgartirib yuborishga qodir ushbu uskunaning— shaxsiy kompyuter (PC-personal kompyuter) ning zamoni boshlanayotganini his qiladi. U o‘z maqsadlarini Stiv Voznyakka ayon qilib mavjud hisoblash mashinalarini qayta ta’mirlab, shular asosida uy sharoitida foydalanish mumkin bo‘lgan RS larni tayyorlash va ularni sotuvga chiqarish niyatini aytadi. Shu maqsadda Stiv Jobs 1976 yil boshlarida chizmakash Ronald Ueynni ham o‘zlarining ishiga og‘dirib, birga ishlashaga ko‘ndiradi. Shu tariqa, 1976 yil 1 aprel kuni “Apple computer Co” tashkil topdi. Yangi kompaniyaning ishlab ketishi uchun start sarmoyasi — boshlang‘ich mablag‘ kerak edi. Buning uchun Stiv Jobs o‘zining mikroavtobusini, Stiv Voznyak dasturlangan kalkulyatorini sotib, 1800 $ pul to‘plashga erishdilar. Yana garajga qamalib olib, detallarni, elektron sxema (chizma) larni kichraytirib tayyorlab, kompaktli arzon kompyuter ishlab chiqaradilar, shu yilning o‘zidayoq uy kompyuterining dastlabki modeli tayyor bo‘ldi. Hademay, mahalliy elektronika do‘konidan bularga 50 ta ana shunday kompter tayyorlab berish borasida dastlabki buyurtma ham kelib tushdi. Ammo endigina tetapoya bo‘layotgan yosh kompaniya zahirasida bunchalik ko‘p sonli kompyuterni tayyorlashga yetadigan na detal bor, na ularni sotib olishga pul bor edi. Shunda Stiv Jobs do‘konma-do‘kon yurib, xo‘jayinlarni qarzga kompyuter detallarini berishga ko‘ndirib, 30 kun ichida qarzlarni qaytarish sharti bilan 50 ta uy (shaxsiy) kompyuteri tayyorlashga yetadigan detal topib keltiradi. Shunday qilib, Jobs, Voznyak va Ueyn uchovlashib kechalari o‘tirib, 10 kun deganda 50 ta kompyuterni o‘zgartirib, shaxsiy maqsadlarda foydalanishga yaroqli dastlabki kompyuterlar partiyasini do‘kon peshtaxtasiga qo‘yadilar.Ueyn bunday xolis xizmat ko‘rinishidagi biznesning kelajagiga ishonmadi va qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urgancha kompaniya tarkibidan chiqib ketdi. Shu yilning kuz oylarida Voznyak “Apple II” deb nomlangan prototip mashinani yaratishga mo‘ljallangan birinchi shaxsiy kompyuter bo‘lib, u plastik korpus, disket o‘qiydigan qurilma hamda rangli grafiktasvir bilan ta’minlovchi uskunadan iborat edi. Kompyuterning xaridorgirligini oshirish maqsadida Jobs reklama uchun chiroyli hamda standart muqova (upakovka) yaratish tashvishlarini muvaffiqiyat bilan hal qildi. “Apple II” partiyasi 5 mln. dona ishlab chiqarildi. 1980 yil oxirlarida “Apple” kompaniyasi ilk marotaba o‘z aksiyalarini sotuvga chiqardi, natijada Stiv Jobs 25 yoshida millionerga aylandi.Yana yangi ishlanmalar amalga oshirildi, chizmalar chizildi, avvalgilari takomillashtirildi, har gal kompyuter degan matoh imkon qadar ham soddalashar, ham bajaradigan ishlari kupayib, murakkablashardi. 1977 yil ishlab chiqarilgan kompyuterga Jobsning yangi tug‘ilgan qizining nomi berilib, “Liza” deb atala boshlandi. Yana bir yangi loyiha ishlab chiqilib, mahsulotga aylanganda “Macintosh” nomini oldi (“Macintosh”ni Stiv Jobs guruhi emas, boshqa guruh tayyorlagan edi). Kompaniyadagi guruhlar o‘zaro musobaqalashib, qaysi loyihani kim birinchi bo‘lib amalga oshirishi borasida bahslashardi. 1983 yil Stiv “Liza” (“Liza”) kompyuteriga yangilik qo‘shib, grafik interfeysli qilib chiqardi. Biroq bu mashina unchalik shuhrat qozona olmadi, sababi, u anchagina qimmat edi (9.9995 $), shuningdek, uning dasturiy ilovasi cheklangan edi. “Macintosh”da ishlatilgan interfeysning operatsion tizimi kompyutersozlik sohasida inqilob yasadi va boshqa kompyuterlar uchun uning ishlash tamoyili standart (namuna) bo‘lib qoldi.Xullas, endilikda yangi-yangi mutaxassislarning yangi-yangi ishlanmalari asosida tobora ixchamlashayotgan, soddalashayotgan uy kompyuterilari hamon takomillashib, tobora dunyo bo‘ylab kyong tarqalib bormoqdi. Bu orada “Apple” bir necha bor raqobatchilar tazyiqiga dosh berolmay, inqiroz yoqasiga kelib qoldi, yana o‘zini tiklab, yangiliklarni tezlik bilan joriy qilib, iste’molga kiritib, elektronika texnologiyalari sohasida ilg‘or o‘rinlarga chiqib oldi. Hayot shunday davom etaveradi, to‘xtayman, nafas rostlayman, tin olaman degan odam bu karvondan chetga chiqib qolishini “Apple” rahbarlari ham, ishchi-xodimlari ham yaxshi biladilar.

“Buyuk shaxslar hayotidan” kitobidan

(Davr-press nashriyoti)

(407 marta o'qilgan, bugun 1 marta o'qildi)

O'xshash maqolalar: